Yangiliklar
main
Qalamsiz (ruchkasiz) tez yordam! Hayotiy voqea asosida
24.09.2025 44

Yaqinda So‘x tumanida Tez tibbiy yordam stansiyasining yangi binosi ochilishi oldidan qiziq voqea yuz berdi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan marosimga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda muxbirlardan biriga shoshilinch yozuv uchun ruchka kerak bo‘lib qoldi. Qizig‘i shundaki, stansiyada 30 ga yaqin xodim ishlasa-da, hech kimda qalam yo‘q edi.

Bir qarashda bu kulgili holdek tuyulishi mumkin. Lekin, aslida, bugungi kun tez tibbiy yordam xizmatining qay darajada raqamli texnologiyalarga o‘tganini ko‘rsatadi. Chunki zamonaviy TTYO xodimlariga na qog‘oz, na qalam kerak. Barcha jarayonlar elektron planshet orqali amalga oshiriladi.

Ho‘sh tizim qanday ishlaydi?

  • Bemorlarning murojaati yagona Call-markazda qabul qilinadi.

  • Avtomatlashtirilgan dastur orqali eng yaqin bo‘sh turgan brigada planshetiga uzatiladi.

  • Tez yordam xodimi borish jarayonidayoq bemor haqida dastlabki maʼlumotga ega bo‘ladi.

  • Bemor ko‘ruvi, unga ko‘rsatilgan tibbiy yordam, qo‘llanilgan dori vositalari va tashxislar planshetdagi elektron tibbiy kartaga kiritiladi.

Bu raqamli islohotlar nafaqat qog‘ozbozlikni qisqartirdi, balki tezkorlik, shaffoflik va nazoratni yangi bosqichga olib chiqdi.

  • Har bir chaqiriqning qayd etilishi

  • Dori-darmon sarfi va qo‘llanilishi

  • Avtotransport harakati

  • Xodimlar faoliyati

Raqamli islohotlar tufayli

  • Xodimlar vaqtni qog‘oz to‘ldirishga emas, bemorga yordam ko‘rsatishga hamda o‘z ustida ishlashga sarflayapti;

  • Raxbariyat real vaqt rejimida tez va aniq hisobotga ega bo‘lmoqda;

  • Bemorlar uchun xizmat sifati yaxshilanmoqda.

Bugungi tez tibbiy yordam xizmatini shunchaki “raqamlashgan tizim” deb emas, balki “100% raqamli zamonaviy tez yordam” deb atash mumkin.

Yana bir jihati — raqamlashtirish nafaqat tibbiyot xodimlari va bemorlar o‘rtasida, balki rahbariyat darajasida ham bosqichma-bosqich xujjatlarni yuritish, kadrlar bo‘limi va hisobxonada ham joriy etib borilmoqda. 

Shuning uchun ham qalamsiz holatda qolgan muxbir uchun bu kulgili bo‘lib tuyulsa-da, tizimimiz uchun bu — yangi davrdir.

Agar ishonmasangiz, 103 xizmatiga ekskursiyaga marhamat!

Bu yerda siz qalam emas, balki planshet orqali hayotini asrayotgan tizimni ko‘rasiz.

Muallif: RTTYMFF direktori o‘rinbosari A.Abduraxmonov