Ijtimoiy tarmoqlarda yetti yillik tajribaga ega bo'lgan tez tibbiy yordam xodimiga 12 million so'm miqdorida jarima solingani tanqid qilingan xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilar ma'lum qilinadi.
Aniqlanishicha, 2023 yil 1 aprel kuni soat 23:14larda Respublika tez tibbiy yordam markazining Toshkent shahar filiali Call-markaziga Yunusobod tumani 15-daha, 31 uy, 81-xonadon manzili bo'yicha ayol bemorga "ko'krak qafasidagi og'riq" sababi bilan chaqiruv kelib tushadi. Chaqiriq egasi o'z murojaatida Call-markaz dispetcheriga ayol shifokor elektrokardiograf tibbiy uskunasi bilan kelishini so'raydi.
Biroq hududga biriktirilgan va chaqiriqdan bo'shagan bunday mobil guruh bo'lmagani bois ushbu murojaat tegishliligi bo'yicha Toshkent shahar tez tibbiy yordam xizmati Yunusobod bo'limining boshqa brigadasiga yo'naltirilgan.
Bu haqda tuman tez tibbiy yordam bo'limi dispetcheri qo'ng'iroq qilgan shaxs, ya'ni bemorning o'g'lini ogohlantirgan hamda belgilangan tartibga muvofiq chaqiruvga eng yaqin masofada turgan shifokor va feldsherdan iborat guruhni yuborgan.
Brigada chaqirilgan manzilga etib kelganida, chaqiriq egasi tez tibbiy yordam xodimlarini uyga kiritmay, ularga bemorni ko'rishga ruxsat bermagan.
Shuningdek, qo'ng'iroq qilgan shaxs ayol shifokor bo'lgan tibbiy brigada kelguniga qadar "tez yordam" xodimlaridan elektrokardiograf jihozini qoldirib ketishni talab qilgan. Shundan so'ng etib kelgan brigada guvohligida Yunusobod tumani dispetcheriga qo'ng'iroq qilib, o'z noroziligini bildirgan va tibbiyot xodimlariga haqoratli so'zlar bilan tahdid qilgan.
Qolaversa, fuqaro dispetcherning xotirjam gaplashishini eshitib, uni layoqatsizlikda ayblagan. Bu vaqtda chaqiriqdan bo'shagan ayol tibbiyot xodimidan tarkib topgan tez tibbiy yordam brigadasi ushbu manzilga borib, belgilangan standartlarga muvofiq bemorga zarur tibbiy yordam ko'rsatgan.
Shunga qaramay, bemorning o'g'li "102" xizmatiga o'z da'volari bilan murojaat qilgan. O'z navbatida "tez yordam" dispetcheri ham mazkur fuqaro ularni haqorat qilgani va tibbiy faoliyatga (https://t.me/Press_Secretary_Uz/3009) aralashgani hamda to'sqinlik qilgani yuzasidan "102" xodimlariga ariza qoldirgan.
2023 yil 10 aprel kuni Jinoyat ishlari bo'yicha Yunusobod tuman sudlov hay'ati tomonidan tahdidni aniqlash va qayta ko'rib chiqish uchun ekspertiza tayinlangan va sud ishi qoldirilgan. Navbatdagi sud ishini ko'rib chiqish sanasi tomonlarga bildirilmagan.
Sud ishi natijalari haqida keyinroq batafsil ma'lumot beriladi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi
Matbuot xizmati